Foto: VatandoshTVVatandoshTV tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan Intellektual klub yig‘ilishining galdagi soni O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarining hozirgi holati, ikki davlat o'rtasidagi siyosiy, iqtisodiy aloqalar, O‘zbekiston axborot maydonida Rossiya narrativlari hamda mehnat migratsiyasi bilan bog'liq fikr-mulohazalarga bag‘ishlandi. Tadbir davomida migratsiya bo'yicha ekspert, Migrant.uz va VatandoshTV loyihalari asoschisi Botirjon Shermuhammad Rossiyada migrantlar uchun mavjud imkoniyatlar va yuzaga kelayotgan xatarlar haqida so'z yuritdi.Ekspertga ko'ra, Rossiya bugungi kunda O'zbekistondan eng ko'p mehnat migranti qabul qiladigan davlat bo'lib qolmoqda. 2021-yilgi aholini ro'yxatga olish ma'lumotlariga ko'ra, Rossiyada 323 mingdan ortiq etnik o'zbek yashaydi. 2025-yil boshida esa bu mamlakatda 63 mingga yaqin o'zbekistonlik talaba tahsil olmoqda.Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma'lumotiga ko'ra, 2024-yil 1-sentyabr holatiga ko'ra bu yerda 1 million 792 ming O'zbekiston fuqarosi bo'lgan. O'zbekiston Migratsiya agentligi esa ularning 900 mingini qayd etgan.Botirjon Shermuhammadning ta'kidlashicha, O'zbekiston migratsiya masalasida Rossiyaga judayam bog'liq. Yaqin o'n yillikda Rossiya o'zbekistonliklar uchun asosiy migratsiya yo'nalishi bo'lib qoladi."Rossiyaga borib ishlash va yashash jarayoni ko'plab jihatlarda oddiy va qulay. Ba'zi hollarda bu, hatto qo'shni Qirg'iziston yoki Qozog'istonga qaraganda ham osonroq. Buning asosiy sababi — Rossiyada migratsiya qonunchiligi va infratuzilmasining migrantlar ehtiyojiga mos ravishda rivojlanganidir.Rossiyada deyarli barcha sohalarda ishchi kuchiga ehtiyoj katta. Bu esa o'zbek migrantlari uchun qulay sharoit yaratadi: yuqori malakaga ega bo'lmagan inson ham nisbatan yaxshi daromad topishi va vatanga pul yuborishi mumkin.Rossiya hozirda 146 million aholiga ega. Demograflar prognoziga ko'ra, agar har yili kamida 390 ming kishiga fuqarolik berilmasa, 2100-yilga kelib aholisi 67 millionga tushib ketishi mumkin. 2024-yilda esa bor-yo'g'i 209 ming migrantga fuqarolik berilgan. Mutaxassislar fikricha, Rossiya iqtisodiyoti barqaror bo'lishi uchun bu raqam yiliga kamida 1 million bo'lishi lozim.Bu holat O'zbekiston uchun ham muzokaralarda muhim "richag" bo'lishi mumkin — Rossiyada bizning mehnat migrantlarimizga ehtiyoj uzoq yillar davomida saqlanib qoladi.Rossiyada bepoyon yerlar, ulkan yer osti va yer usti boyliklari mavjud. Minglab gektar yerlar bo'sh yotibdi, bu esa dehqonchilik va fermerlik uchun katta imkoniyat yaratadi. Shuningdek, xizmat ko'rsatish sohasi ham rivojlangan bo'lib, bu yerda ish topish imkoniyati keng.O'zbekiston va Rossiya 70 yildan ortiq vaqt davomida bir davlat tarkibida bo'lgan. Rus tili va madaniyati bizga yaxshi tanish, bu esa moslashuv jarayonini yengillashtiradi. Migrantlar til to'sig'isiz va madaniy muhitga moslashishda katta qiyinchilik sezmaydi.Rossiyada moliya tizimi va onlayn-banking juda rivojlangan. Hatto ayrim xizmatlar Yevropada yoki Osiyoda hali joriy etilmagan bo'lsa-da, Rossiyada allaqachon keng qo'llanilmoqda. Pul o'tkazmalari, onlayn to'lovlar va boshqa moliyaviy xizmatlar migrantlar uchun juda qulay.Rossiyada malaka oshirish, yangi kasb o'rganish, o'qish va tadbirkorlik bilan shug'ullanish imkoniyatlari keng. Fermerlik sohasida ham davlat tomonidan turli dasturlar mavjud bo'lib, migrantlar uchun istiqbolli yo'nalishlar ochadi", deya mutaxassis Rossiyada o'zbek muhojirlar uchun bor imkoniyatlarni sanab o'tadi.Xatarlar va tahdidlarRossiya mehnat bozoridagi imkoniyatlar bilan birga, o'zbek migrantlari uchun bir qator jiddiy xavf va tahdidlar ham mavjud. Bu tahdidlar siyosiy bosim vositasi sifatida migrantlardan foydalanish, urushga jalb qilish, asossiz deportatsiya, jinoyat ishlari va noqonuniy faoliyatga aralashishga majbur qilish holatlarini o'z ichiga oladi.“Asosiy xatar — bu migrantlarni urushga jalb qilish mavzusi. Bu kam aytilayotgan, lekin aytish kerak bo'lgan mavzu. Hozirgi kunda O'zbekiston fuqarolariga Rossiya qamoqxonalarida, migratsiya markazlarida, migratsiya bo'limlarida, jamoat transportida, politsiya bo'limlarida urushga borishga targ'ibot qilinyapti. Judayam faol targ'ibot qilinyapti.Ularga nima va'da qilinyapti? Ularga 30-40 ming dollargacha bir martalik mukofot. Har oy 200 ming rublga yaqin oylik ish haqi. Bu 2-2,5 ming dollar tashkil qiladi. Undan tashqari, agar qamoqda bo'lsa, qamoqdan ozod qilish imkoniyati. Keyingisi, Rossiya fuqaroligini berish va'da qilingan", deydi ekspert.O'zbekiston Oliy sudining saytidagi ma'lumotlarga ko'ra, hozirgi kungacha 26 fuqaromiz Rossiyadagi urushga yollanganlikda aybdor topilib, sud hukmi o'qilgan.Ukraina hukumatiga qarashli "Хочу жить" loyihasi mavjud. U bergan ma'lumotlarga ko'ra, 1110 nafar O'zbekiston fuqarosi urushda qatnashgan va 109 nafari halok bo'lgan. BBC va Mediazona ma'lumotiga ko'ra, urushda 66 nafar o'zbekistonlik fuqaro halok bo'lgan va bulardan 46 nafari Rossiya qamoqxonalarida, ozodlikdan mahrum qilish joylarida o'tirgan fuqarolar bo'lgan.Tavsiyalar va strategiyaRossiyaga borib ishlash imkoniyatlari katta bo'lsa-da, O'zbekiston fuqarolari uchun u yerda yuzaga keladigan xatar va tahdidlarni ham hisobga olish muhimdir.Botirjon Shermuhammadning fikricha, birinchi navbatda O'zbekiston uchun migratsiya bo'yicha uzoq muddatli strategiya ishlab chiqish zarur. Hozirgi kunda mamlakatimiz 10 yildan ortiq vaqtdan beri migrantlarni ommaviy ravishda yubormoqda, lekin yagona strategiya yo'q.BMT prognozlariga ko'ra, 2100-yilga kelib O'zbekiston aholisi 74 millionga yetishi mumkin, bu Rossiya aholisi bilan deyarli tenglashadi. Shu aholini ish bilan ta'minlash va boqish masalasi hozircha javobsiz qolmoqda. Rossiyadagi o'zbek diaspora tashkilotlari va faollarni qo'llab-quvvatlash kerak. Ular o'z mablag'lari evaziga jamoat tashkilotlari ochib, mahalliy hukumat va administratsiya bilan ishlab, muhojirlarning muammolarini hal qilmoqda, lekin ularga hech qanday moddiy yoki tashkiliy yordam berilmayapti.Ushbu resurslardan foydalanish, ularni tashkil qilish va lobbizm orqali Rossiyadagi jarayonlarga ta'sir ko'rsatish muhimdir. Bu orqali vatandoshlarimizga yordam berish, ularning huquqlarini himoya qilish va kelajakda siyosiy va iqtisodiy maydonda ta'sirga ega bo'lish imkoniyati yaratiladi.Rossiyada tadbirkorlik imkoniyatlari ham keng. O'zbekiston bilan solishtirganda, Rossiyada biznesni yo'lga qo'yish ancha oson va samarali. Vatandoshlarimiz uchun u yerda tadbirkorlikni rivojlantirishga tashkiliy, huquqiy va moliyaviy yordam ko'rsatish tizimini yaratish lozim.Shu bilan birga, moliyaviy savod, tadbirkorlik ko'nikmalari va rus tilini o'rgatish bo'yicha tizimli ish olib borish muhim.O'zbekiston oshxonalari Rossiya va MDH mamlakatlarida mashhur bo'lib, ularni kengaytirish, kerakli ruxsatnomalarni olish va boshqarish ko'nikmalarini o'rgatish orqali yumshoq kuch vositasi sifatida foydalanish mumkin.Bundan tashqari, Rossiya hukumati tomonidan ochiq qolgan yerlar, fermerlik va dehqonchilik imkoniyatlaridan ham keng foydalanish zarur. Qurilish sohasida ham o'zbekistonlik kompaniyalar uchun katta imkoniyatlar mavjud, ammo ularni tashkil qilish va rivojlantirish bo'yicha amaliy ishlar yetarli emas.Migrantlarni himoya qilish tizimi va huquqiy yordam masalalari alohida e'tibor talab qiladi. Aybsizlik prezumptsiyasiga amal qilish, migrantlarga hurmat bilan munosabatda bo'lish, talabalarni yordam ko'rsatishda jalb qilish va huquqiy yordam tizimini yaratish zarur.Rossiyadagi ozodlikdan mahrum qilingan fuqarolarni O'zbekistonga olib kelish va u yerda jazoni o'tash imkoniyatini ta'minlash ham muhim. Bu nafaqat ularning huquqlarini himoya qiladi, balki ularni urushga jalb qilinishidan himoya qilish imkonini beradi.<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Y75cvGmSxxE?si=3gJUEUCt4IeiA6yr" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>