Foto: artbaselJoriy yilning 4-dekabr kuni Mayamidagi New World Symphony markazida o‘tkazilgan taqdirlash marosimida Ismoilova “Emerging” (yangi avlod ijodkori) nominatsiyasida g‘olib deb topildi. Uning asarlari Markaziy Osiyo tarixi, xotirasi va afsonalari bilan bog‘liq bo‘lib, mintaqa madaniyatini xalqaro sahnalarga olib chiqishda muhim rol o‘ynaydi.Foto: artbaselRejissyorning filmlari ko‘pincha ayollar hikoyalari va og‘zaki ijod na’mulariga tayangan. Tanqidchilarga ko‘ra, uning yaratgan asarlari “ko‘rinadigan va ko‘rinmaydigan olamlar orasida suzib yuruvchi, ongni kengaytiruvchi” san’at namunalari hisoblanadi.Art Basel tomonidan joriy etilgan Gold Awards dasturi zamonaviy madaniyatni rivojlantirayotgan ijodkor va tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Mukofot egalari ovoz berish orqali tanlanadi. Har bir g‘olibga shvetsariyalik me’mor Jacques Herzog tomonidan yaratilgan maxsus shisha haykalcha taqdim etiladi. Dastur doirasidagi yillik grantlar jami 300 ming dollarga yaqin bo‘lib, san’atkorlarning mustaqil ijod qilishiga yordam beradi.Saodat Ismoilova – Toshkentda tug‘ilgan (1981) taniqli o‘zbek kinorejissyori va san’atkori. U Toshkent San’at institutida kino yo‘nalishida tahsil olgan va keyinchalik Italiyaning Fabrica markazida ijodiy izlanishlarini davom ettirgan. 1999-yilda Toshkent kinofestivalining Gran-prini qo‘lga kiritgan.Ismoilovaning xalqaro maydondagi tanilishi 2004-yilda Carlos Casas bilan suratga olgan “Aral: Fishing in an Invisible Sea”  (“Orol: ko‘rinmas dengizda baliq ovlash”) hujjatli filmi bilan boshlanadi. Film Orol dengizidagi ekologik muammolarni yoritib, Turin kinofestivalida “Eng yaxshi hujjatli film” nominatsiyasini oladi. 2013-yilda Venetsiya biennalesida namoyish etilgan “Zukhra” videoinstallatsiyasi orqali Saodat Ismoilova dunyo miqyosida kengroq taniladi. Asarda bir ayol uxlab yotgan holatda O‘zbekiston tarixini hikoya qiladi. Film uchun u Amsterdamdagi EYE Filmmuseum tomonidan 30 ming dollarlik mukofot bilan taqdirlangan.2014-yilda Ismoilova ilk badiiy filmi “40 kunlik sukut”ni Berlin kinofestivalida namoyish etadi va “Eng yaxshi debyut” nominatsiyasiga tavsiya qilinadi. Keyinchalik u Norvegiya Zamonaviy San’at Ofisi va Fransiyaning “Le Fresnoy” studiyasida faoliyat olib boradi. Uning “The Haunted”, “Stains of Oxus”, “Two Horizons” filmlari hamda “QirqQiz” afsonasi asosida yaratilgan multimedia loyihasi turli mamlakatlarda namoyish etiladi. “QirqQiz” loyihasi Nyu-Yorkdagi BAM sahnasida va Parijdagi “Musée du Quai Branly” muzeyida katta e’tibor bilan kutib olinadi.Ismoilovaning filmlari va badiiy asarlari Markaziy Osiyoda suratga olinadi. U Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon va O‘zbekistonda filmlar yaratib, hududlarning tarixiy qatlamlari va ayollar merosini yoritadi. 2019-yilda Toshkentda “Syncretic Verses” va “Q’org‘on Chirog‘” nomli ko‘rgazmalarni tashkil qiladi va zamonaviy san’at bo‘yicha bir yillik ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yadi.2021-yilda Ismoilova Markaziy Osiyo san’atkorlarini birlashtiruvchi “DAVRA” kollektivini tashkil etadi. Guruh “Documenta fifteen” xalqaro san’at festivalida 40 kun davomida Markaziy Osiyo madaniy merosi va folkloridagi ruhiy mavjudotlar haqidagi tadqiqotlarini taqdim etdi.Ismoilovaning filmlari bugun Centre Pompidou, Stedelijk Museum Amsterdam kabi nufuzli muzeylar to‘plamida saqlanadi. Hozirda u Parij va Toshkent o‘rtasida ijod qilib, Markaziy Osiyo tarixini, ayollarning unutilgan hikoyalarini va mintaqaning boy madaniyatini butun dunyoga yetkazishda davom etmoqda.