Vatandosh tahririyati ixtiyoriga kelib tushgan ayrim rasmiy hujjatlarga qarasak, Migratsiya agentligi Koreya yo‘liga turib olgan talonchimi degan xayolga borib qolasiz. Oshirib yubordikmi? Keling, avvaliga Janubiy Koreyaga E-9 vizasi asosida ishlashga ketayotgan nomzod tomonidan amalga oshiriladigan rasmiy va majburiy to‘lovlarni keltirib o‘tamiz:1. EPS-TOPIK imtihoni uchun yig‘im: 28 AQSh dollari. Mazkur mablag‘ HRD Korea hisob raqamiga o‘tkaziladi;2. Tibbiy ko‘rik: Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan belgilangan K-Medwel klinikasida o‘tiladi. Xizmat qiymati o‘rtacha 1 million so‘mni tashkil etadi;3. Viza yig‘imi: 70 AQSh dollari;4. Migratsiya agentligining xorijda ishga joylashtirish xizmati: 40 BHM (16 mln 480 ming so‘m. 2026-yil iyul holatida);5. Ketishdan oldingi o‘qitish va moslashtirish xizmati: 10 BHM (4 mln 120 ming so‘m);6. Aviachipta: nomzod tomonidan alohida sotib olinadi. Amalda Migratsiya agentligi bir nechta aviakompaniyadan narx takliflarini oladi va eng maqbul taklif bo‘yicha bronlashtirish amalga oshiriladi. Aviachipta narxi reys sanasiga qarab o‘zgaradi, ammo o‘rtacha 3 million so‘mdan boshlanadi;7. Sug‘urta to‘lovi: nazarda tutilmagan.Shunday qilib, jami xarajatlar 25 mln so‘mdan oshib ketadi. Ana endi batafsil tushuntirishga o‘tamiz. Tahririyat ixtiyoriga Migratsiya agentligi direktori tomonidan 2025-yil 24-iyulda tasdiqlangan, xorijga ishga yuborish xizmatlari uchun tariflar belgilangan 106-son buyruq nusxasi kelib tushdi.Migratsiya agentligi direktori Behzod Anvarovich Musayev buyrug‘iHujjat bilan tanishish jarayonida undagi ayrim tariflar va ularning shakllanish asoslari yuzasidan yangi savollar tug‘iladi. Migratsiya agentligi direktori Behzod Anvarovich Musayevning buyrug‘iga ilovaBuyruqqa muvofiq, Janubiy Koreyaga E-9 vizasi asosida ishga yuboriladigan O‘zbekiston fuqarolari Migratsiya agentligiga jami 50 BHM miqdorida xizmat haqi to‘lashi belgilangan. Shundan 40 BHM xorijda ishga joylashtirish xizmati uchun, yana 10 BHM esa ketishdan oldingi o‘qitish va moslashtirish xizmati uchun undiriladi. Bir qarashda bu oddiy tarifdek ko‘rinishi mumkin. Biroq ushbu buyruqda boshqa davlatlar uchun belgilangan xizmat haqlari bilan taqqoslanganda farq juda katta ekani ko‘rinadi. Masalan, Yaponiyaga ishga yuborish xizmati uchun jami 10 BHM belgilangan. Turkiyaga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi orqali yuboriladigan fuqarolardan esa atigi 3 BHM undiriladi. Yevropa davlatlari, Rossiya Federatsiyasi hamda qator arab mamlakatlariga yuborilayotgan fuqarolar uchun esa 2026-yil oxirigacha agentlik xizmatlari bo‘yicha umuman to‘lov belgilanmagan.Bu raqamlarning o‘ziyoq bir nechta muhim savollarni kun tartibiga olib chiqadi. Nega aynan Janubiy Koreya uchun xizmat haqi boshqa yo‘nalishlarga nisbatan bir necha baravar yuqori? Nima uchun Yaponiya uchun 10 BHM yetarli deb hisoblangan bo‘lsa, Koreya uchun 50 BHM zarur deb topilgan? Bu tarif qanday iqtisodiy hisob-kitoblar asosida shakllangan?Albatta, Koreyaga ishga yuborish jarayoni boshqa davlatlarga nisbatan murakkabroq ekani haqida fikr bildirish mumkin. Haqiqatan ham, EPS tizimi bo‘yicha tanlov bir necha bosqichdan iborat bo‘lib, har bir imtihonda o‘n minglab nomzod ishtirok etadi. Biroq davlat organi tomonidan belgilanadigan har qanday to‘lov subyektiv mulohazalar bilan emas, aniq iqtisodiy hisob-kitoblar bilan asoslanishi lozim. Chunki gap xususiy kompaniya belgilagan narx haqida emas, davlat idorasi fuqarolardan majburiy tartibda undiradigan xizmat haqi haqida ketmoqda. Iqtisodiyotning oddiy qonuniga ko‘ra, xizmat ko‘lami kengaygan sari bitta iste’molchi hissasiga  to‘g‘ri keladigan ma’muriy xarajat kamayib boradi. Chunki umumiy xarajatlar ko‘proq mijozlar o‘rtasida taqsimlanadi. Janubiy Koreya esa O‘zbekistonning eng ommaviy va eng ko‘p talab mavjud bo‘lgan mehnat migratsiyasi yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shunday ekan, aynan eng ommaviy yo‘nalish nima uchun eng qimmat davlat xizmatiga aylangani haqida ochiq va asoslangan izoh berish zarurati tug‘iladi.Bu savollarga javob izlar ekanmiz, Janubiy Koreya bilan imzolangan rasmiy kelishuvlar, HRD Korea zimmasiga yuklangan majburiyatlar va Migratsiya agentligi tomonidan haqiqatda qaysi xizmatlar uchun 40 BHM undirilayotganini alohida ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi.Koreya xarajatlarni qoplayotgan bo‘lsa, 40 BHM aynan nima uchun?Janubiy Koreyaga mehnat migratsiyasi xususiy vositachilar orqali emas, ikki davlat o‘rtasida amal qiladigan  Employment Permit System (EPS) doirasida tashkil etiladi. Ushbu tizimda har bir bosqich vakolatli davlat idoralari o‘rtasidagi rasmiy kelishuvlar asosida amalga oshiriladi. Tahririyat ixtiyoridagi HRD Korea hamda O‘zbekistonning vakolatli organi o‘rtasida 2022-yilda imzolangan  Service Commitment Agreement mazkur munosabatlarni tartibga soladi. Kelishuvga muvofiq, HRD Korea imtihonlarni tashkil etish uchun zarur test materiallari, dasturiy ta’minot, nazorat tizimi, kompyuter va  bosh qa texnik jihozlar bilan ta’minlaydi. Shuningdek, imtihonlarni tashkil etish bilan  bog‘liq ayrim tashkiliy xarajatlarni ham qoplaydi.Hujjatda yana bir muhim moliyaviy mexanizm nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, HRD Korea O‘zbekistondagi vakolatli tashkilotga har bir nomzod uchun 8 AQSh dollari miqdorida entrusted fee (ishonib topshirilgan vazifalarni bajarish uchun xizmat haqi) to‘laydi. Kelishuvda ushbu mablag‘ mahalliy tashkiliy xarajatlar, binolardan foydalanish va jalb etilgan xodimlar meh natiga  haq to‘lash kabi ehtiyojlarni qoplash uchun ajratilishi ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, EPS-TOPIK imtihonida ishtirok etayotgan har bir nomzod 28 AQSh dollari miqdorida alohida test to‘lovini amalga oshiradi. Bu mablag‘ to‘g‘ridan to‘g‘ri HRD Korea hisob raqamiga o‘tkaziladi. Demak, rasmiy hujjatlarga ko‘ra, imtihon jarayonining muayyan qismi Koreya tomonidan moliyalashtiriladi, nomzod esa test uchun alohida haq to‘laydi. Migratsiya agentligi ham avvalroq bergan rasmiy munosabatida Koreyaga ketayotgan fuqarolar uchun ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxatini e’lon qilgan. Unda ketishdan oldin tayyorlash, moslashtirish, maxsus kiyim va tarqatma materiallar bilan ta’minlash, tashkiliy kuzatish, Koreyada kutib olish, mehnat huquqlarini himoya qilish, ish joylarida monitoring o‘tkazish hamda zarur hollarda fuqarolarni O‘zbekistonga qaytarish kabi xizmatlar qayd etilgan.Shu bilan birga, agentlik rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, aviachipta, tibbiy ko‘rik va viza rasmiylashtirish xarajatlari mazkur to‘lov tarkibiga kirmaydi. Ketishdan oldingi o‘qitish va moslashtirish xizmati uchun esa alohida  10 BHM undiriladi. Bu holatda asosiy muhokama to‘lovning o‘zi emas, uning iqtisodiy asoslantirilishi haqida ketmoqda. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, jamoatchilik uchun quyidagi savollar ochiq qolmoqda: HRD Korea imtihonlarni tashkil etishning bir qismi va ayrim tashkiliy xarajatlarni moliyalashtirsa, har bir nomzod uchun alohida xizmat haqi ham to‘lasa, nomzod esa test, tibbiy ko‘rik, viza va aviachipta xarajatlarini mustaqil qoplasa, unda agentlik tomonidan undirilayotgan 40 BHMning iqtisodiy tarkibi nimalardan iborat?Ushbu mablag‘ning qancha qismi ma’muriy xarajatlarga, qancha qismi fuqarolarga ko‘rsatiladigan xizmatlarga, qancha qismi esa boshqa yo‘nalishlarga sarflanadi?Aynan mana shu savollarga batafsil iqtisodiy hisob-kitoblar bilan javob berilsa, tarif yuzasidan yuzaga kelgan  bahslar ham, turli taxminlar ham ancha qisqargan bo‘lar edi. Chunki davlat organi tomonidan belgilanadigan har qanday to‘lovning qonuniyligi nafaqat normativ hujjat bilan, balki uning iqtisodiy asoslanganligi va jamoatchilik uchun ochiqligi bilan ham baholanadi.Tariflar nega “XDFU” grifi ostida tasdiqlangan?Yana bir jihat kishida turli shubhalarni uyg‘otadi. Migratsiya agentligining 106-son buyrug‘i  “XDFU” ("Xizmat doirasida foydalanish uchun”) grifi bilan rasmiylashtirilgan. Qonunchilikka ko‘ra, “XDFU” davlat siri degani emas. Bu grif tarkibida davlat sirini tashkil etmaydigan, ammo qonunchilikka muvofiq foydalanilishi cheklangan ayrim xizmat ma’lumotlari mavjud bo‘lgan hujjatlarga qo‘yiladi. Bunday cheklovning huquqiy asosi mavjud bo‘lishi shart. Shuningdek, foydalanilishi cheklangan deb topilgan ma’lumot aynan qaysi normaga asosan cheklanayotgani ham asoslantirilishi lozim.Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan tartiblarga ko‘ra, davlat organlari ochiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni “XDFU” toifasiga kiritishi mumkin emas. Agar hujjatning faqat ayrim qismi cheklangan ma’lumotni o‘z ichiga olsa, qolgan qismi ochiq e’lon qilinishi mumkin va lozim.106-son buyruq bilan tanishilganda yana bir muhim holatga duch kelish mumkin. Hujjatning o‘zida “ilovada belgilangan tariflar oshkor etilmaydigan ma’lumot hisoblanmaydi” degan qoida alohida qayd etilgan. Demak, tariflarning o‘zi maxfiy axborot sifatida baholanmagan.Bu esa tabiiy savolni keltirib chiqaradi: agar tariflar oshkor qilinishi mumkin bo‘lgan ma’lumot hisoblansa, nima uchun aynan ularni tasdiqlovchi buyruq “XDFU” grifi bilan rasmiylashtirilgan?Maqola tayyorlash jarayonida tahririyat mazkur buyruq va uning tariflarga oid ilovasini ochiq rasmiy manbalardan izlab ko‘rdi. Hujjat Lex.uz milliy qonunchilik bazasida aniqlanmadi. Shuningdek, u Migratsiya agentligining rasmiy veb-saytida ham, agentlikning rasmiy Telegram kanallarida ham topilmadi. Albatta, bu holatning o‘zi 106-son buyruq aynan “XDFU” grifi sababli e’lon qilinmaganini anglatmaydi. Chunki davlat organlarining barcha ichki buyruqlari Lex.uz yoki boshqa ochiq platformalarga joylashtirilishi shart emas. Biroq mazkur hujjatning o‘zi davlat idorasining ichki ish yuritishini tartibga soluvchi texnik buyruq emas. U fuqarolardan undiriladigan to‘lovlarni belgilaydigan huquqiy asos hisoblanadi.Davlat organi tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat uchun haq belgilanayotgan ekan, fuqaro ushbu to‘lovning huquqiy asosi, xizmat tarkibi va qo‘llanish shartlari bilan erkin tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Bu shaffof davlat boshqaruvining asosiy talablaridan biri hisoblanadi.Aks holda fuqaro davlat organi belgilagan tarifni to‘laydi, ammo uning aynan qaysi hujjat bilan tasdiqlanganini, xizmatlar tarkibi qanday ekanini yoki mazkur tarif qanday hisob-kitob asosida shakllanganini mustaqil tekshirish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Bu esa davlat xizmatiga nisbatan ishonch va ochiqlik tamoyillariga oid savollarni yuzaga keltiradi.Shu nuqtayi nazardan, Migratsiya agentligi 106-son buyruqqa “XDFU” grifi qanday huquqiy asosda qo‘yilganini, hujjatning qaysi qismi foydalanilishi cheklangan ma’lumot sifatida baholanganini hamda nega tariflarni tasdiqlovchi hujjat ochiq e’lon qilinmaganini jamoatchilikka tushuntirishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.Shaffoflik qayerda? Davlat idorasi jamoatchilikka hisob berishga majbur emasmi?Ushbu mavzuda bahs mablag‘ning ko‘p yoki kamligi haqida emas. Asosiy masala davlat organi tomonidan belgilangan to‘lovlarning qanchalik shaffof va asoslangan ekanidadir. Har qanday davlat xizmati uchun haq belgilanayotgan ekan, fuqaro ushbu to‘lov nima uchun undirilayotgani, uning tarkibi nimalardan iboratligi va mablag‘ qanday hisob-kitoblar asosida shakllanganini bilish huquqiga ega. Bu faqat yaxshi boshqaruv tamoyili emas, balki davlat organlarining ochiqligi va hisobdorligiga qo‘yiladigan asosiy talablardan biri hisoblanadi.Davlat xizmati xususiy xizmatdan bir jihati bilan farq qiladi: uning narxi nafaqat belgilanishi, balki asoslanishi ham kerak. Agar muayyan xizmat uchun to‘lov belgilangan bo‘lsa, uning kalkulyatsiyasi, xarajatlar tarkibi va mablag‘larning qay tartibda sarflanishi jamoatchilik uchun tushunarli bo‘lishi lozim. Bu davlat organiga nisbatan ishonchni ta’minlaydigan eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, Janubiy Koreyaga ishlash uchun ketishga harakat qilayotgan fuqarolarning aksariyati oddiy mehnatkashlar ekanini inobatga olsak, mazkur masalaning ijtimoiy ahamiyati yanada ortib boradi. Ular oylab koreys tilini o‘rganadi, imtihonlarga tayyorlanadi, kasbiy sinovlardan o‘tadi, tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va ko‘pincha bu jarayonlarni moliyalashtirish uchun qarz oladi yoki oilasining jamg‘armasidan foydalanadi. Ular uchun Koreyaga ishga ketish qo‘shimcha daromad emas, balki oilasining turmushini yaxshilash, qarzlardan qutulish, uy-joy masalasini hal qilish yoki farzandlarining kelajagini ta’minlash imkoniyati hisoblanadi.Shu nuqtayi nazardan qaraganda, bugun Migratsiya agentligi oldida turgan asosiy vazifa tanqidlarga munosabat bildirish emas, balki jamoatchilikni qiziqtirayotgan savollarga hujjatlar va aniq iqtisodiy hisob-kitoblar asosida javob berishdir. Davlat xizmati uchun belgilangan har qanday tarif faqat normativ hujjat bilan emas, uning iqtisodiy asoslanganligi va ochiqligi bilan ham ishonch qozonadi.